Toshkent davlat agrar universitetining oʼsimliklarni biologik himoya qilish ilmiy tadqiqot markazida entomofaglarni tarqatish uskunalari yaratildi. Ushbu uskunalar traktor hamda dronlarga oʼrnatilib, zararli qurtlarga qarshi trixogramma tuxumxoʼrini tez hamda resurstejamkor texnologiyalar asosida qoʼllash imkonini beradi.
Qishloq xoʼjaligi ekinlariga juda koʼplab zararli xasharotlar, begona oʼtlar xavf solishi natijasida hosildorlikning yoʼqotilishi kuzatilmoqda. Sohada zararkunandalarga qarshi kurashish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Haqiqatdan ham bugun nafaqat bizda, balki butun jahonda qishloq xoʼjaligi ekinlariga juda koʼplab zararkunandalar xavf solib, hosilning katta qismini nobud qilyapti. Yurtimizda har yili zararli xasharotlarga qarshi kurashish jarayonlari olib boriladi. Bitta xasharot turi ommaviy koʼpayib ketgan taqdirda ham hosilning ellik-oltmish foizi nobud boʼlishi mumkin.
Zararli xasharotlarni hamma vaqt kimyoviy usullar bilan boshqarish ancha murakkab. Respublikamiz dalalaridagi zararkunandalar xavfini kamaytirish yoki batamom yoʼq qilish, ekologik toza mahsulot olish maqsadida oʼsimliklarni tabiiy usul bilan zararkunandalardan himoya qilish gʼoyasi ilgari surilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan paxta- toʼqimachilik klasterlarida ilmiy markazlar tashkil etish asosiy vazifa qilib qoʼyilgandi. Аna shu tashabbus doirasida Sirdaryo viloyatida paxta-toʼqimachilik klasterlari ichida birinchi boʼlib "POLY TEX SIRDARYO" masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi paxta- toʼqimachilik klasterida ilmiy markaz tashkil qilindi. Viloyat prokurorining qoʼllab-quvvatlashi hamda "POLY TEX SIRDARYO MChJning qishloq xoʼjaligi masalalari boʼyicha maslahatchisi Xolyigit Raimberdiev va ilmiy markaz rahbari Аxadqul Pirimqulovlarning saʼy-harakatlari tufayli klaster dalalarida trixogrammani dron orqali tarqatish texnologiyasi boʼyicha yangi yoʼnalish ochdik. Bu juda foydali jarayon. Аsosan gʼoʼzaga tushadigan koʼsak qurti va zararli xasharotlarni yoʼq qilishga moʼljallangan.
Bu amaliyot xalqona tushuntirilganda hosilga tushgan zararli xasharotlarni foydali xasharotlar, yaʼni trixogramma bilan yoʼq qilish jarayoni, shundaymi?
Аlbatta, yaratilgan apparat dronlarga oʼrnatilib, uning ichiga trixogrammalar solinib paxta dalalariga tarqatilyapti. Eng kamida 500-600 odam qiladigan ishni bitta dron bajarmoqda. Hozircha natijalarimiz juda yaxshi. Koʼsak qurtining tuxumi, qurtlari ham deyarli yoʼq. Hattoki, dala oʼsimlik bitlari va shiralaridan ham deyarli toza.
https://www.youtube.com/watch?v=l94iwhscbJQ







